Ish beruvchilar bilan tadbir

Qishloq xo‘jaligi uchun aqlli texnologiyalar va malakali kadrlar

O‘zbekiston Prezidentining 2017 yil 24 maydagi 3003-sonli «Qishloq va suv xo‘jaligi tarmoqlari uchun muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori hamda 2017 yil 12 sentyabrdagi «Ayrim hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi «Landtech» kompaniyasi ikki oliy ta’lim muassasasiga taqdimot o‘tkazish taklifi bilan chiqdi.

Toshkent davlat agrar universiteti rektori Botirjon Sulaymonov va Toshkent davlat irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rektori O‘ktam Umurzoqovlarning kompaniya tashabbusini qo‘llab-quvvatlashi ostida 28 yanvar kuni Toshkent davlat agrar universiteti va 29 yanvar kuni Toshkent davlat irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida «Landtech» kompaniyasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbir doirasida «Landtech» hamda Toshkent davlat irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti o‘rtasida oliy ta’lim tizimida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat OTM xodimlari va talabalari almashuvi, mutaxassislarni o‘qitish va malaka oshirish dasturlarini yaratish, qo‘shma milliy va xalqaro tadqiqot loyihalarini ishlab chiqish va qo‘llash, qo‘shma ta’lim dasturlari uchun raqamli va veb-vositalardan foydalanish (masofaviy ta’lim va ye-konferensiyalar), malakali mutaxassislarni rag‘batlantirish, o‘qituvchilar va talabalarni qo‘shma dasturlarga jalb qilish, qisqa muddatli va uzoq muddatli kurslarni ishlab chiqish va ilmiy maqolalarni birgalikda nashr qilishni nazarda tutadi.

O‘zbekistonda chet el investitsiyalari va kadrlar siyosatiga katta e’tibor qaratilayotgan bugungi kunda bilimli yoshlarni qishloq xo‘jaligi kabi strategik muhim sohalarga jalb qilish maqsadida xorijiy korxonalarning interaktiv taqdimotlarini o‘tkazish ayni muddaodir. Bu o‘zbekistonlik talabalarning dunyoqarashi kengayishi va intellektual darajasi oshishi yo‘lida xizmat qilishi shubhasiz.

«Landtech» yuqori darajali qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqaruvchi jahonga mashhur John Deere kompaniyasining rasmiy dileri hisoblanadi. John Deere Amerika (Molin, Illinoys shtati)ning mashinasozlik kompaniyasi bo‘lib, u qishloq xo‘jaligi va qurilish texnikasini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. U dunyoning eng yirik qishloq xo‘jalik texnikasi ishlab chiqaruvchisidir.

John Deere 1837 yilda o‘z faoliyatini boshlagan. Bugunga kelib kompaniya o‘rta va yuqori quvvatli traktorlar, paxta va g‘alla o‘rish kombaynlari, o‘zi harakatlanuvchi purkagichlar, presslovchi texnikalarni ishlab chiqaradi. John Deere zavodlari asosan AQShda, shuningdek Germaniya, Hindiston, Kanada kabi qator davlatlardan joylashgan.

Distribyutorlik kompaniyasi O‘zbekistondagi faoliyatini 2007 yilda yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, hozirga kelib «JCB», «Gregoire Besson», «Pottinger», «Rivulis Eurodrip» kabi xorijiy hamkorlarga ega.

Ko‘p tarmoqli «Landtech» kompaniyasi nafaqat qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib beradi, balki sotuvdan keyingi yuqori sifat kafolati, servis xizmatlarini ham taqdim etadi. Xizmatlar tajribali va yuqori malakali muhandis-mexaniklar tomonidan ko‘rsatiladi.

Kompaniya shuningdek muntazam ravishda o‘z mutaxassislari hamda John Deere texnikasi foydalanuvchilari uchun aynan ular uchun ishlab chiqilgan maxsus dastur bo‘yicha bepul seminar-treninglar o‘tkazadi. «Landtech» har chorakda o‘zbekistonlik muhandis-mexaniklarni malaka oshirish va yangi texnologiyalardan foydalanishni o‘rganish uchun AQSh, Germaniya, Avstriya va Ukraina kabi mamlakatlarga yo‘llaydi.

«Landtech» hamyonbop narxi, sifat kafolati, ekspert tekshiruvi, servis xizmati va original ehtiyot qismlari bilan boshqa kompaniyalarga nisbatan ustuvorlikka ega.

Aqlli texnologiyalar va ulardan mohirona foydalanuvchi malakali kadrlarga investitsiya kiritish esa qishloq xo‘jaligining ertangi kuni uchun qulay zamin yaratadi.